Me’yordan ortiqcha oqova uchun kompensatsiya to‘lovini oshirish taklif qilindi

Oʻzbekistondagi 500 dan ziyod korxonada suv tozalash inshooti standartga javob bermaydi, ba’zilarida umuman yo‘q. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishish chogʻida maʼlum boʻldi.

Taqdimotda taʼkidlanishicha, kompensatsiya miqdori kamligi sababli, suv tozalash inshooti o‘rnatishdan ko‘ra, kompensatsiya to‘lash foydali bo‘lib qolgan. Shu bois me’yordan ortiqcha oqova uchun kompensatsiya to‘lovini oshirish taklifi bildirildi.

Shuningdek, davlat rahbari ekologik nazorat inspeksiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi. Jumladan, mamlakada yiliga 7 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘layapti. Shundan faqat 2 million tonnadan ziyodi qayta ishlanadi. Qolgan chiqindilardan paydo bo‘layotgan issiqxona gazi
va sizot suvlar tabiatga zarar yetkazayapti.

Ohangarondagi eski poligonda chiqindidan 15 Megavatt elektr energiyasi olish loyihasi boshlangan. Davlat rahbari bu tajribani kengaytirib, boshqa poligonlarda ham chiqindini qayta ishlash va muqobil energiya olishni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.