Migrasiya masalalari MDH PAning 52-yalpi majlisida ko’rib chiqildi

Avval xabar berganimizdek, MDHning bahor sessiyasi Sankt-Peterburgda bo'lib o'tdi.

Sessiya doirasida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O'zbekiston parlament delegatsiyasi mustaqil davlatlar Hamdo'stligiga A'zo davlatlar parlamentlararo Assambleyasining 52-yalpi majlisida ishtirok etdi.

Yalpi majlisda, shuningdek, ishtirokchi davlatlar parlamentlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Pandemiya davrida migratsiya jarayonlarini qonunchilik bilan tartibga solish va unda MDHga aʼzo davlatlar parlamentlarining roli  majlisda muhokama qilingan asosiy masalalardan biri bo‘ldi.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva ham so‘zga chiqdi.
Parlament aʼzolari Assambleya tomonidan tayyorlangan MDH ishtirokchi davlatlari uchun Migratsiya kodeksi loyihasini muhokama qildilar.

O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari T.Narbayeva o‘z nutqida MDH PAga aʼzo davlatlarni Pandemiya davrida xalqaro ixtiyoriy majburiyatlar kodeksi va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlarning rolini oshirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarda faol ishtirok etishga chaqirdi. 

Ishtirokchilarni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda tayyorlanayotgan Pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaga va “BRMga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” xalqaro konferensiyasiga taklif qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston yoshlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berishini inobatga olib, MDH Yoshlar Parlamentlararo Assambleyasi majlislaridan birini 2022 yilda bo‘lib o‘tadigan Kengash majlisi va PA yalpi majlisi doirasida O‘zbekiston Respublikasida o‘tkazishni taklif qildi.

— Ishonchim komil, bugun qabul qilingan qo‘shma qarorlar Assambleya doirasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish va uning samaradorligini oshirishda muhim qadam bo‘ladi, — deb taʼkidladi Senat Raisi T. Narbayeva. — Bundan tashqari, Yevroosiyo ayollar forumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda faol ishtirok etishga tayyorligimizni bildiramiz. Bu forum mintaqamizdagi xotin-qizlarga barcha sohalarda teng huquq va imkoniyatlar taqdim etishning ustuvor yo‘nalishlari va strategiyalarini ishlab chiqishda muhim maydon hisoblanadi.

Rossiya Federatsiyasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy pandemiya davrida o‘z fuqarolarini o‘z Vataniga qaytarishda, shu jumladan maxsus aviareyslar va poyezdlar bilan qaytarishda samarali ish olib borilgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga alohida minnatdorlik bildirdi.

52-yalpi majlis yakunlari bo‘yicha model xususiyatga ega 6 ta hujjat qabul qilindi. Migratsiya kodeksi, “Bolalarning sog‘liqni saqlashga bo‘lgan huquqlarini taʼminlash to‘g‘risida”gi, “Psixiatriya yordami va uni ko‘rsatishda fuqarolarning huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Tibbiy yordam ko‘rsatishda klinik tavsiyalar to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning huquqiy holati to‘g‘risida axborot olish haqida”gi, “Mintaqaviy investitsiya loyihalari to‘g‘risida” model qonunlar shular jumlasidandir.