Milliy tadqiqot universiteti mamlakat iqtisodiyoti uchun ilgʼor kadrlar tayyorlashga hissa qoʼshishda davom etmoqda

Joriy yilning 22-iyun kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot Universiteti bitiruvchilariga tantanali diplom topshirish marosimi boʼlib oʼtdi.

Tadbirda Milliy tadqiqot universiteti Boshqaruv kengashi raisi, Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, universitet rektori B.Mirzayev, turli idoralar rahbarlari, muassasa professor-oʼqituvchilari, bitiruvchilar, ularning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etdilar.

Tadbirda soʼzga chiqqan S.Umurzakov mamlakatimiz ishonchi Universitet bitiruvchilariga ulkan masʼuliyat yuklayotganini taʼkidlab, taʼlim muassasasi anʼanalarining uzluksizligini saqlash, shuningdek, hozirgi davr va zamonaviy texnologik taraqqiyot darajasi yosh mutaxassislardan talab qilayotgan tubdan yangi koʼnikmalar va innovatsion yechimlarni oʼzlashtirish va amalda tatbiq etish muhimligini taʼkidladi. Boshqaruv kengashi tomonidan Universitet bitiruvchilariga egallangan koʼnikmalarni muvaffaqiyatli qoʼllash, ijodiy salohiyatni roʼyobga chiqarish hamda kasbiy jihatdan yanada oʼsishda yordam koʼrsatish amaliyoti davom ettirilishi maʼlum qilindi.

Maʼlumot uchun: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy ilmiy-tadqiqot universiteti Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi № PQ-42-sonli Qaroriga asosan 1923-yildan beri faoliyat koʼrsatib kelgan Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini transformatsiyalash yoʼli orqali tashkil topdi. Universitet 7ta fakultetdan iborat boʼlib, unda 5830 talabalar tahsil olmoqda. Bu yil universitetni 908 nafar bakalavr va 242 nafar magistr tamomladi.