Milliylik va zamonaviylikni uyg'unlashtirgan O'zbekistonning turizm salohiyati

Xabar berganimizdek, bugun, 30-noyabr kuni poytaxtimizdagi “O'zekspomarkaz” Milliy korgazmalar majmuasida O'zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi, “Milliy PR-markazi” DUK va “THE SAYS LOT” MCHJ tomonidan tashkillashtiriligan, "Ipak yo'lida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi faoliyatiga start berildi.
Yarmarkaning ilk kuni rasmiy ochilish marosimi bilan boshlanib, uni Bosh vazir o'rinbosari — Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov kirish so'zi bilan ochib berdi. Shuningdek, marosimda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo'jayev, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi Sofi Ibbotson, BBC World Newsning Yevroosiyodagi tijorat xizmati rahbari, Dars Films studiyasining bosh prodyuseri Sergey Stanovkin va boshqa rasmiylar ishtirok etdilar.
Ta'kidlash joizki, “Ipak yoʻlida turizm” 2022-yilgi Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi dunyoning 30 mamlakatidan 300 nafardan ortiq soha vakillarini oʻzida toʻplagan.
Yarmarka doirasida nufuzli xalqaro va milliy mutaxassislar ishtirokida forum va sessiyalar, B2B uchrashuvlar, xalqaro oshpazlarning mahorat darslari oʻtkaziladigan gastro-bozor hamda yarmarka tarixida ilk bor mamlakatimiz madaniy merosini namoyish etuvchi xalqaro va milliy dizaynerlar ishtirokida nafaqat kiyim-kechak, balki zargarlik buyumlari ham namoyish etiladigan Oʻzbekiston hunarmandlarining koʻrgazmasi tashkil etilmoqda.
Shuningdek, tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar bir pavilyonning oʻzida Oʻzbekistonning barcha hududlari turizm salohiyati bilan tanishish imkoniga ega boʻlmoqdalar.
Bundan tashqari, TXTY-2022 forumiga turizm sohasidagi taniqli mutaxassislar, xususan, O'zbekiston sayyohlik brendi elchilari, “BBC World News”, “Lonely Planet”, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya turizm tashkilotlari uyushmalari vakillari, PR mutaxassislari va boshqalar tashrif buyurdilar.






