Mirziyoyev hududlarda ahvol yomonligini tanqid qilmoqda

Prezident yig’ilishda respublikaning qolgan hududlarida ham ahvol yomonligini tanqid qildi. Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzayev qatʼiy ogohlantirildi, Chirchiq shahar hokimiga “hayfsan” berildi.

Zangiota, Toshkent, Buloqboshi, Xoʼjaobod, Uchqoʼrgʼon, Koson, Karmana, Qamashi, Shofirkon, Xoʼjayli, Denov, Sharof Rashidov, Pastdargʼom, Fargʼona, Paxtabod, Hazorasp tumanlari hamda Samarqand, Namangan, Fargʼona, Guliston, Chirchiq shaharlari hokimlari masʼuliyatni his qilmasdan, bir oy oldingi sovuq kunlardan hech qanday xulosa chiqarmagani koʼrsatib oʼtildi.

Bugungi kunda barcha darajadagi rahbarlarning eng katta vazifasi – elektr va gaz tarmoqlarining uzluksiz ishlashini taʼminlab berish. Lekin tegishli sohalar mutasaddilari buni uddalay olmayapti. Shu munosabat bilan energetika vaziri oʼrinbosari Sherzod Xodjaev lavozimidan ozod etildi.

"Hududiy elektr tarmoqlari" rahbari Mustafoyev, "Uztransgaz" rahbari Normatov va "Oʼzbekneftgaz" rahbari Аbdullayev ham lavozimidan ozod etilib, ularga vazifasini bajaruvchi lavozimida 3 oy sinov muddati belgilandi.

Аgar tarmoq korxonalarining ayrim moliyaviy masalalari vaqtida yechib berilganda, daromadlarining bir qismi investitsiya qilinib, tarmoqlarni yangilashga yoʼnaltirganda vaziyat bunchalik ogʼir boʼlmas edi, deb taʼkidlandi yigʼilishda.

Shuningdek, qayd etilishicha, yig'ilishda bu masalada ham masʼullar eʼtiborsizlik qilgani tanqid qilindi. Endi butunlay boshqacha tizim boʼlishi – strategik korxonalar Strategik islohotlar agentligiga oʼtkazilishi belgilandi.