Mirziyoyev Putin bilan iqtisodiy masalalarni muhokama qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 11-aprel kuni Rossiya yetskchisi Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Muloqot chogʻida tovar ayirboshlash sur’atlarini ta’minlash va qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan birinchi galdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Ikki mamlakat ishbilarmonlari va hududlari darajasidagi amaliy hamkorlikni ilgari surishda aprel oyining oxirida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “Innoprom” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Madaniy-gumanitar almashinuv dasturi dorasidagi hamkorlik sermahsul bo‘layotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.