Moliya vazirligi birinchi yarim yillik bo‘yicha hisobot berdi

2021-yil 24-sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Qo‘mita a'zolari, ekspert guruhi vakillari, tegishli vazirliklar, idoralar rahbarlari va mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Moliya vazirligining Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis Senatiga kiritilgan Oʼzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2021-yilning birinchi yarimidagi ijrosi yuzasidan Moliya vazirligi mutasaddilarining axborotlari tinglandi.

Hisobot davrida respublika iqtisodiyoti 6,2 %ga oʼsib, YaIM hajmi 318,5 trln soʼmni tashkil etgan.
Inflyatsiya darajasi yil boshidan 4,4 %, oʼtgan yilning mos davriga nisbatan esa 10,9 % tashkil etgan.

Davlat byudjeti daromadlari 74,9 trln. soʼmni, xarajatlari esa 79 trln. 332 mlrd. soʼmni, byudjet taqchilligi 4,4 trln. soʼmni tashkil etib, bu YaIMga nisbatan 1,4 % yaʼni belgilangan prognoz darajasida bajarilgan.

Yuzaga kelgan 4,4 trln. soʼm byudjet taqchilligi xalqaro moliya institutlaridan byudjetni qoʼllab-quvvatlash uchun jalb qilingan mablagʼlar hisobidan qoplangan.
Uchrashuvda Davlat byudjeti ijrosi jarayonida yo‘lga qo‘yilgan xato va kamchiliklar muhokama qilindi.