Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining axboroti eshitildi

2021 yil 16 sentabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasida Oliy Majlis Senati Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisi o‘tkazildi.

Unda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining Qashqadaryo viloyatida raqobat muhiti va tadbirkorlikni rivojlantirishning mavjud zaxiralari hamda iste’molchilar uchun tanlov imkoniyatlarini oshirish dasturining ishlab chiqilishi bo‘yicha olib borilgan o‘rganish natijalari yuzasidan axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, viloyatda 2021 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra tadbirkorlik sub’ektlari soni 54,8 mingtani tashkil etib, ular soni yil davomida 17 foizga o‘sgan.

Tadbirkorlik rivoji uchun qurilish materiallari, turizm, qishloq xo‘jaligi, mahalliy sanoat kabi sohalarda zaxiralar bor. Jumladan, sanoatni rivojlantirishning paxta-to‘qimachilik meva-sabzovotlarni yetishtirish va qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishlarida katta imkoniyatlar mavjud.

Majlisda amalga oshirilgan ishlar qatorida muammo va kamchiliklar haqida ham ta’kidlandi. Xususan, yirik sanoat salohiyatiga ega viloyatda import tovarlarining ulushi yuqori darajada saqlanib qolgan. Ichki bozorning mahalliy mahsulotlarga ehtiyoji o‘rganilmagan. Tayyor kiyim-kechak, charm ishlab chiqaruvchi korxonalar imkoniyatlaridan samarli foydalanish yo‘lga qo‘yilmagan.

Yana bir jihat. Xizmatlar sohasida 758 ta ta’mirlash, 1 078 ta veterinariya xizmati va go‘sht do‘konlari, 1 214 ta hammom va poyabzal tikish (ta’mirlash) xizmati, 1 319 ta kimyoviy tozalash (ximchistka) va maishiy jihozlarni ta’mirlash, 938 ta sartaroshxona va go‘zallik salonlari xizmatlariga aholi o‘rtasida ehtiyoj bo‘lishiga qaramasdan sohalarga tadbirkorlik sub’ektlari jalb qilinmagan.

Majlisda Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining viloyatda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarni nazarda tutuvchi tegishli qarori qabul qilindi.