Moskva birjasida oʻzbek soʻmidagi savdolar yoʻlga qoʻyiladi

“Moskva birjasi yaqin oylarda arman drami, o‘zbek so‘mi va amirlik dirhamlarida savdoni yo‘lga qo‘yishi mumkin”, - deya ma'lum qildi Moskva birjasining valyuta bozori departamenti direktori Andrey Skabelin.

RBK xabariga ko’ra, “Yaqin oylarda biz arman drami, oʻzbek soʻmi va amirlik dirhamida savdoni yoʻlga qoʻymoqchimiz. Biz ushbu valyutalarga qiziqish mavjudligiga guvoh bo’ldik va ular likvidlikka ega bo'lishini tushunamiz. Bir qator texnik masalalar hal bo‘lgach, biz bularni ishga tushiramiz”, - deya ta’kidlagan Skabelin.

Shu bilan birga, u quyidagilarni qo'shimcha qildi: "Bizda ishga tushirish mumkin bo'lgan 20 ga yaqin valyuta turlari ko'rib chiqilmoqda. Bu ularning barchasini ishga tushiramiz, degani emas. Ularni ishga tushirish uchun bir nechta shartlar bajarilishi kerak, ulardan eng muhimi ishtirokchilar va ularning mijozlari tomonidan bildirlgan qiziqishdir. Valyuta ayirboshlash uchun doimiy talab va taklif zarur, shundan keyin esa real bozor shakllanadi.

Ma’lumot o’rinda, endilikda Moskva birjasida rublni o'nta xorijiy valyutaga: AQSh dollari, yevro, turk lirasi, Gonkong dollari, Belarus rubli, Qozog'iston tengesi, Shvetsariya franki, Britaniya funti, Yaponiya yeni va Xitoy yuaniga almashtirish mumkin bo’ladi.