MSK Prezident sayloviga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha yig'ilish o'tkazdi

2021 yil 14 aprelda O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining yig'ilishi bo'lib o'tdi. Majlisni O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi Zayniddin Nizamxo'jaev olib bordi.

Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha asosiy chora-tadbirlar dasturi va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo'yicha Markaziy saylov komissiyasining bir qator reglament loyihalari muhokama qilindi.

Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko'tarishni o'z oldiga yuksak maqsad qilib qo'ygan Yangi O'zbekistonda bu yilgi prezident saylovlari mutlaqo yangi sharoitda, yangilangan milliy saylov qonunchiligiga to'liq mos ravishda umume'tirof etilgan xalqaro standartlar va demokratik tamoyillar asosida o'tkazilishi alohida ta'kidlandi.

Prezident saylovi 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida aks etgan zamonaviy demokratik g'oyalarning yana bir yorqin timsoliga aylanadi.

Prezident saylovi Yangi O'zbekiston saylovchilarining siyosiy va huquqiy madaniyatini oshirish fonida o'tkaziladi. Shu bilan birga, saylovga tayyorgarlikning birinchi bosqichi - saylov kompaniyasini e'lon qilishdan oldin zarur tashkiliy-huquqiy sharoitlarni yaratish barcha saylov tashkilotchilari uchun muhim vazifadir.

Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha asosiy tadbirlar dasturi atroflicha muhokama qilindi va tasdiqlandi.

Dasturda ilk marta Saylov kodeksi asosida bo'lib o'tadigan Prezident sayloviga hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tayyorgarlik ko’rish bo'yicha bosqichma-bosqich olib boriladigan ishlar batafsil bayon etilgan, shuningdek vazifalarni bajarish muddatlari va mas'ul ijrochilar ko'rsatilgan.

Avvalo, saylovga tayyorgarlik jarayonini huquqiy va uslubiy jihatdan qo'llab-quvvatlash, saylov jarayoni ishtirokchilarining saylov qonunchiligi to'g'risida bilim va ko'nikmalarini mustahkamlash bo'yicha ishlarni o'z vaqtida va samarali tashkil etish muhimdir. Shu maqsadda barcha okrug va uchastka saylov komissiyalari a'zolari uchun seminarlar, treninglar, o'quv mashg'ulotlari, konferensiyalar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar, shu jumladan onlayn konferensiyalar o'tkaziladi.

Joriy Prezident saylovlari barcha saylov tashkilotchilari uchun mamlakatimizda boshlangan keng ko'lamli islohotlarning davomi, yangi O'zbekistonni qurish yo'lidagi xalqimizning ishonchli qadamlarini ta'minlash nuqtai nazaridan muhim sinov bo'lishi ta'kidlandi. Majlisda Markaziy saylov komissiyasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko'rib chiqildi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati.