MSKda Hindiston Saylov komissiyasi raisi Sushil Chandra bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi

Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan Hindiston Saylov komissiyasi raisi Sushil Chandra boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda boʼlib oʼtadigan Prezident saylovini kuzatish maqsadida yurtimizga tashrif buyurdi.
Joriy yil 21 oktyabrь kuni Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjaevning Hindiston Saylov komissiyasi raisi Sushil Chandra bilan uchrashuvi boʼlib oʼtdi. Uchrashuv davomida mexmonlarga Oʼzbekistondagi saylov tizimi, saylov qonunchiligini takomillashtirish boʼyicha olib borilayotgan amaliy ishlar xususida maʼlumotlar berildi.
Qayd etilganidek, prezident sayloviga puxta tayyorgarlik koʼrish, uni umumeʼtirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida oʼtkazish bevosita saylov komissiyalari aʼzolarining milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlari boʼyicha bilim va koʼnikmalarini oshirishga bogʼliq. Shu munosabat bilan saylov tashkilotchilari bir necha bosqichda saylov qonunchiligi boʼyicha yetakchi olimlar, mahalliy oliy oʼquv yurtlari professorlari, tajribali ekspertlar tomonidan oʼqitildi.
Saylov kodeksiga kiritilgan oʼzgartirishlarning yana bir muhim jihati shundaki, siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti uchun ajratilgan mablagʼlardan foydalanishning shaffofligini taʼminlash maqsadida ular tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan soʼng yakuniy moliyaviy hisobotlar, qolaversa, Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini eʼlon qilish tartibi joriy etildi.
Uchrashuvda Hindiston Saylov komissiyasi raisi Sushil Chandra Oʼzbekistonda saylov qonunchiligini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalarni ijobiy baholadi. Shuningdek, Oʼzbekiston Markaziy saylov komissiyasi va Hindiston Saylov komissiyasi oʼrtasida hamkorlik aloqalarini oʼrnatish masalalariga ham toʼxtaldi.






