Muallimlarning oyligini $1000 yetkazmagunimcha to‘xtamayman - Prezident

Bugun, 28-sentyabr kuni O‘zLiDePdan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashishi uchun Farg‘ona viloyatiga bordi.
Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashuvda mahalliy muammolar haqida gapirib, jumladan, ta’lim sifati haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
– Ta’lim bo‘yicha alohida milliy dastur qabul qilamiz. Boshqa ilojimiz yo‘q. Chunki ta’lim biz uchun nihoyatda muhim. Prezidentlikka kirishgan paytim mendan maktabning 10-11-sinflarini tiklab berishni so‘rashdi. Amalga oshirdik.
Ustozning nufuzini oshirish uchun hali qiladigan ishlarimiz juda ko‘p. Hammangiz bilasiz, yoshligimizda o‘qituvchi ko‘chadan o‘tsa, biz 5 metr chetroqqa o‘tib salom berardik. Men muallimning maoshini 1 ming dollarga yetkazmaguncha to‘xtamayman, – dedi amaldagi prezident.
Shuningdek, Mirziyoyev yoshlar tarbiyasidagi kamchiliklar haqida ham to‘xtalib, so‘nggi paytlarda yoshlarning “tarbiyachisi” qo‘llaridagi telefon bo‘lib qolgani haqida eslab o‘tdi.






