Mulk huquqiga oid bir qator cheklovlar bekor qilinadi

“Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo'l qo'ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan quyidagi tartiblar, talablar va cheklovlar 2022-yil 1-sentabrdan bekor qilinadi:

yerga bo'lgan huquqlardan foydalanishda:

yerga bo'lgan huquqning vujudga kelishiga asos bo'lgan hujjatlarni bekor qilish orqali yerga bo'lgan huquqni tugatish, mazkur hujjatlar faqat sud tomonidan bekor qilinishi yoki haqiqiy emas deb topilishi mumkin;
yerdan ixtiyoriy voz kechishni Hukumat yoki hokimlik qarorlari bilan rasmiylashtirish (ixtiyoriy voz kechish to'g'risida notarial tasdiqlangan ariza huquqlni bekor qilish uchun asos bo'ladi);
yuridik shaxs tugatilishi bilan uning yeriga bo'lgan huquqlarini bekor qilish;
yerni jamoat ehtiyojlari uchun olib qo'yishda kompensatsiya sifatida davlatning boshqa ko'chmas mulkini berish, bunda ko'p kvartirali uylardagi turar joy berilishi mumkin;
turar joyga bo'lgan mulkiy huquqlarni amalga oshirishda:

turar joyga nisbatan mulkiy huquqlarga yoki turar joy mulkdori bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo'lmaganlarni doimiy ro'yxatdan chiqarish uchun ularning roziligini olish;
sud tomonidan turar joyga nisbatan insofli egallovchi deb topilgan jismoniy shaxsdan ushbu turar joyni unga nisbatan mulk huquqi davlat ro'yxatidan o'tkazilgan paytdan boshlab 3 yil o'tgach natura shaklida talab qilib olish.