Muzokaralar kengaytirilgan tarkibda davom etmoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi rasmiy delegatsiyalar a'zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ikki mamlakatning chegaraoldi viloyatlari hokimlari ishtirokidagi muzokaralar bilan davom etdi.

"Birgalikda biz munosabatlarimiz tarixiga kirib ulgurgan ulkan ishlarni amalga oshirdik", - ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Tomonlar strategik sheriklikni chuqurlashtirishga tayyorliklarini namoyish etdilar. Savdo-iqtisodiy faoliyat, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport va mintaqalararo o'zaro aloqalarni rivojlantirish, ulkan energetik salohiyatdan samarali foydalanish, madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish, zamonaviy chaqiriqlar va tahdidlarga qarshi kurash uchun sheriklikni mustahkamlashda hamkorlikning muhimligi qayd etildi.

Ikki mamlakatning ulkan gidroenergetik salohiyatidan samarali foydalanish hamda suvdan foydalanish masalalari bo'yicha konstruktiv va o'zaro manfaatli muloqotni davom ettirish masalalari ko'tarildi.

Prezident Imomali Rahmon, o'z navbatida, Tojikiston qardosh O'zbekiston bilan erishilgan o'zaro aloqalar darajasini yuqori baholashini, bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning katta xizmati bor ekanligini ta'kidladi.

Muzokaralar yakunida O'zbekistonning Samarqand viloyati va Tojikistonning Xatlon viloyati tomonidan qurilgan ijtimoiy obyektlarning rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon ramziy tugmachani bosib, uning faoliyatini boshlab berdilar.

Xatlan viloyatida O'zbekiston tomonidan tibbiyot majmuasi qurilgan.

Tojikiston tomonidan Samarqand viloyatining Urgut tumanida umumiy maktab qurilgan.