Navbatdagi tanqid: Rejalar puxta ishlab chiqilmagan!

Davlatimiz rahbari Navoiy, Buxoro, Namangan, Qoʼqon, Ohangaron va Chirchiq shaharlari, Zafarobod, Аrnasoy, Vobkent, Shofirkon, Kogon, Gʼijduvon, Romitan tumanlarining bandlik va kambagʼallikni qisqartirish boʼyicha rejalari puxta ishlab chiqilmagani, ularda mavjud barcha imkoniyat va zaxiralar hisobga olinmaganini tanqid qildi.

Shu bilan birga, kambagʼallik koʼrsatkichlari respublika boʼyicha yaxshilangan bir paytda, Navoiy, Surxondaryo va Fargʼonada oʼzgarish sezilmayotgani taʼkidlandi.

Prezident kambagʼallikni qisqartirishning eng asosiy mexanizmi – aholini daromadli ish bilan taʼminlash ekanini qayd etdi. Shu bois, maʼmuriy islohotlar doirasida kambagʼallikni qisqartirishga masʼul 5 ta idora yaxlit tizimga aylantirildi.

Endilikda mehnat resurslari va ishsizlik hisobini yuritish ham, bandlikka koʼmaklashish va tadbirkorlikni mahallabay rivojlantirish ham bitta - Kambagʼallikni qisqartirish va bandlik vazirligida boʼladi. Bundan tashqari, yangi vazirlikka Xitoydan kambagʼallikni qisqartirish boʼyicha katta tajribaga ega ekspertlar jalb qilinmoqda.

Bosh vazir oʼrinbosari J.Qoʼchqorov, Kambagʼallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga ushbu ekspertlar bilan birga barcha viloyatlarda kambagʼallikni qisqartirish boʼyicha amaliy ishlarni tashkil qilish, viloyat hokimlari bilan birga 2023-yil uchun bandlik dasturini tumanlar kesimida qaytadan koʼrib chiqib, tasdiqlash topshirildi.