Navbatdan tashqari e'lon qilingan ta'tilda «bog'cha puli» to'lanmaydi

Havo haroratining keskin pasayishi prognoz qilingani sababli Oʻzbekistondagi bog’chalarda 10−18-yanvar kunlari taʼtil deb eʼlon qilingan. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ma'lum qilishicha, bu kunlar uchun to'lov to'lanmaydi. Bu bo'yicha barcha talablar "Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktab-internatlardagi bolalar ta’minotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida"gi nizomda belgilangan.

Agar ota-onalar to'lovni ta’til e’lon qilingan kungacha amalga oshirgan bo’lsalar, keyingi to‘lovlarni amalga oshirish jarayonida ta’til kunlari uchun to‘langan badal summasi hisobga olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining tegishli yig‘ilish bayoniga asosan, ta’til kunlari davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritadigan xodimlarga amaldagi tartib saqlangan holda ish haqi to‘lanadi. Hamda farzandi bog‘chaga borayotgan ayol xodimlarning ish vaqti qisqartiriladi.