Navoiy EIZ korxonalarining Amerika va Kanada bozorlariga keng tarmoqli eksporti amalga oshiriladi

O‘zbekistonning AQSh va Kanadadagi elchisi Javlon Vahobov “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalarga tashrif buyurib, ularning Amerika kompaniyalari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish va chuqurlashtirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Xususan, 2015-yilda tashkil etilgan “BENKAM” kompaniyalaridan birining faoliyat taqdimoti o‘tkazildi. Ta'kidlash joizki, kompaniyaning mahsulotlari avtomobil sanoati va AQSh-Kanada qurilishida keng qo'llaniladi. Shuningdek, 2019 - yildan buyon BENKAM Kanadaga eksport hajmini besh barobar oshirishga muvaffaq bo'ldi.
Kampaniya rahbariyati bilan muzokaralar davomida Shimoliy Amerika bozorining istiqbollari hamda AQSh va Kanadaga eksport hajmini yanada oshirish uchun real imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va BENKAM o‘rtasida yangi importchilarni topishga ko‘maklashish maqsadida yaqin aloqalarni davom ettirishdan manfaatdorlik bildirildi.
“Navoiy” EIZga tashrif doirasida marmar va granitdan kompozit plitalar va materiallar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Gazgan Marble Group” kompaniyasi rahbari bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Korxonada yiliga 300 ming kvadrat metr mahsulot ishlab chiqariladi va uning 60 foizdan ortig'i eksport qilinadi. Qayd etish joizki, foydalanilgan Gazgan marmari dekorativ xususiyatlari bilan o‘ziga xos bo‘lib, 30 dan ortiq rangga ega. Bunday xususiyatlar va ajoyib ko'rinish tufayli ushbu material MDHdagi ko'plab muhim inshootlarni, shuningdek, Toshkent va Moskva metrosi stansiyalarini loyihalashda ishlatilgan.
Uchrashuv va muzokaralar yakunida amerikalik hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, mahalliy korxonalarning AQShga mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish hisobiga ularning eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, hokimlik vakillari bilan birgalikda Amerikaning “US Inc” kompaniyasi tomonidan Navoiy shahridagi klinik diagnostika laboratoriya va sinov bazasi hamda tez tibbiy yordam punkti qurilishi uchun mo‘ljallangan hudud ko‘zdan kechirildi. 24 million dollarlik loyihaga yaqin fursatda start berilishi kutilmoqda.






