Navoiy viloyati tadbirkorlari va eksportchilari bilan uchrashuv o’tkazildi

Joriy yilning 6-aprel kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov raisligidagidagi Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʼyicha Hukumat komissiyasi Navoiy viloyatiga yo’l oldi.
Tashrif davomida mahalliy ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda tizimli va xususiy xarakterdagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda 250 dan koʼproq tadbirkor va eksportchilar qatnashdi. Ishtirokchilar bevosita Komissiya aʼzolariga murojaat qilib, oʼzilarining muammoli masalalari haqida soʼzlab berdilar.
Shuningdek, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari masʼul rahbarlariga ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarining iqtisodiy salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish uchun qoʼshimcha imkoniyatlarni aniqlash maqsadida shahar, tuman va mahallalar kesimida hududning iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat salohiyatini oʼrganish boʼyicha ishlarni kuchaytirish zarurligi koʼrsatib oʼtildi. Bunda yoshlar tadbirkorligini qoʼllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.






