Navoiy viloyatida IT Park filiali ochildi

2021 yil 17 may kuni Navoiy viloyatida IT Park filialining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.


Ochilish marosimida Navoiy viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo'yicha birinchi o'rinbosari T.Atamurodov va dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direktori F.Ibragimov, maktab o'quvchilari, talabalar, AKT mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari va IT Park rezidentlari ishtirok etishdi.


Ayni vaqtda Navoiy viloyatining shahar va tumanlarida ana shunday 8 ta markaz tashkil etilgan. Yil oxiriga qadar yana 3 ta Raqamli texnologiyalar o’quv markazi ochiladi.


Yangi raqamli makon umumta’lim maktablarining istiqbolli va shijoatli, kommunikativ qobiliyatlarga ega o’quvchilari va stratap-loyihalar yaratuvchi “Barkamol avlod” uchun mo'ljallangan.


IT-Park bu biznes-inkubatsiya, akseleratsiya va venchur moliyalashtirish dasturlari, shuningdek, istiqbolli startap-loyihalarni bozorga chiqarish va ishga tushirilishini ta'minlash uchun mo'ljallangan obyektlar, binolar, inshootlar va uskunalar majmuasidir.


Navoiy viloyatidagi IT Park filialida kovorking markazi, rezidentlar va startaperlar uchun ofis xonalari, o'quv xonasi, robototexnika va kibersport xonalari, majlislar zali va boshqalar mavjud. Filialda viloyatning har bir shahar va tumanlarida tashkil etilayotgan o'quv markazlari faoliyat ko’rsatadi.


Shuningdek, yaratilgan IT-Park yoshlarni ushbu sohaga jalb qiladi, bu sohada faoliyat yuritayotgan korxonalar uchun qator afzalliklarni taqdim qiladi, yanada keng va samarali ishlash imkoniyatlarini yaratadi, mahsulotlar, loyihalar ishlab chiqadi va startaplarni amalga oshirishda, iqtisodiyot va boshqa sohalarda ko'prik vazifasini o'taydi.