Navoiy viloyatidagi shamol elektr stansiyasi loyihasi «Yil bitimi» xalqaro mukofotiga sazovor bo‘ldi

Birlashgan Arab Amirliklari Masdar kompaniyasining Navoiy viloyati Zarafshon shahrida 500 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi PFI Awards tomonidan Markaziy Osiyoda yilning eng yaxshi bitimi deb topildi.

Qayd etish joizki, elektr stansiyasini qurish loyihasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va «Masdar» kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan Investitsiya shartnomasi shartlari asosida amalga oshirilmoqda.

Shartnoma Masdar kompaniyasiga 25 yil davomida elektr stansiyasini moliyalashtirish, loyihalash, qurish va ishlatishni ko‘zda tutadi.

Ma'lum qilinishicha, loyihani amalga oshirish uchun 600 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etilishi rejalashtirilgan.

Ahamiyatlisi, elektr stansiyasi ishga tushirilgach, yiliga 545 million kub metr tabiiy gaz tejaladi va karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 1,1 million tonnaga kamaytirib, yiliga 500 ming xonadonning iste’moliga teng boʻlgan 1,6 mlrd.kVt/soat elektr ishlab chiqarishni ta’minlaydi.

Ma'lumot o'rnida, PFI (Project Finance International) mukofotlari loyihalarni moliyalashtirish sohasidagi eng nufuzli mukofotlardan biri bo‘lib, har yili Yevropa, AQSh, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikadagi loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha eng yaxshi operatsiyalar uchun beriladi.