Navoiyda oxirgi uch yilda 2 milliard dollarlik yirik sanoat loyihalari ishga tushgan

Navoiy shahrida Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi sessiyasi boʼlib oʼtmoqda. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
Davlatimiz rahbari nutqining avvalida mehnatkash, bagʼrikeng, koʼpmillatli viloyat ahliga chuqur hurmat va ehtiromini bildirdi.
Navoiyda oxirgi uch yilda 2 milliard dollarlik yirik sanoat loyihalari ishga tushgani taʼkidlandi.
Buning natijasida 10 mingdan ortiq yangi ish oʼrni yaratildi, yiliga qoʼshimcha 1 trillion soʼm soliq tushumi va 100 million dollar eksport paydo boʼldi.
Yaqinda ishga tushgan “Balpan-togʼ” va “Tomdi-buloq” konlaridan yiliga 3 million tonnadan oltinga boy maʼdan qazib olinadi.
Shuningdek, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida Turbay konini kengaytirish boʼyicha 130 million dollarlik loyiha ishga tushirish arafasida turibdi. Pistali konida oltinni qayta ishlash boʼyicha 275 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda.
Karmanada 35 million dollarlik kaliy nitrat ishlab chiqarish loyihasi, Qiziltepada 10 million dollarlik qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihasi hamda Tomdida 70 million dollarlik fosforit ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Kelgusi yilda 140 million dollarlik kaliy sulfat, poliakril tola, quruq sianit tuzi chiqarish kabi loyihalar ishga tushadi.






