Nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining klinik bazalari tashkil etiladi

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Tibbiyotda xususiy sektor faoliyatiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish va soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.

Farmondan quyidagi bandlar o’rin olgan:

yuqori malakali va malakali mutaxassislar toifasiga kirmaydigan boshqa chet el fuqarosi bo‘lgan shifokorlar uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berganlik uchun yig‘im miqdori 6 baravarga kamaytirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida undiriladi;

O‘zbekiston Respublikasiga qisqa muddatga (bir oygacha), shu jumladan, diagnostika hamda davolash amaliyotlarini bajarish, tajriba almashish dasturlari, mahorat darslari o‘tkazish va ma’ruzalar o‘qish, xodimlar malakasini oshirish maqsadida kelayotgan chet el mutaxassislariga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma olish talab etilmaydi;

O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan davolash muassasalari tomonidan undiriladigan turistik (mehmonxona) yig‘im bekor qilinadi;

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish tizimini takomillashtirish yuzasidan quyidagi takliflari ma’qullandi:

nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining klinik bazalarini tashkil etib, ularda shifokor va hamshiralar malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash;

malaka toifasi olish uchun talab etiladigan ish staji muddatini qisqartirgan holda, toifasiz xodimlarga 3 yil, birinchi toifa uchun – 5 yil, oliy toifa uchun – 7 yil etib belgilash.