Nogironligi bo’lgan shaxslar jamiyat, xalq va har bir millatning ajralmas bo’lagi

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohang ravishda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularni mehnat faoliyatiga keng jalb qilish orqali hayot sifati va darajasini oshirish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.
Qarorda, nogironligi bo’lgan aholi qatlamiga moddiy-ma’naviy ko’mak ko’rsatish, ularning bandligini ta’minlash, ularga ish va o’qish o’rinlarini yaratish, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarni o’quv kurslarida samarali o’rganishlariga ko’maklashish, o’z mutaxassisliklari borasida korxona va tashkilotlarda amaliyot o’tashni tashkil etish, ijodkorlik salohiyatlarini inobatga olgan holda yangi loyihalar ustida ishlashga imkon yaratish shuningdek, ko’zi ojiz va ko’rishda nuqsoni bo’lgan shaxslar uchun o’quv materiallarining audio talqinlarini ishlab chiqish borasida amalga oshirilishi kutilayotgan bandlar aks etgan.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar orasida ularning hayotini yaxshilashga qaratilgan eng yaxshi ijtimoiy loyihalarni rag‘batlantirib borish maqsadida 2022 yildan boshlab quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha respublika tanlovlari tashkil etilshi va o‘tkazib borilishi belgilangan:
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi ijtimoiy loyiha”;
Savdo-sanoat palatasi tomonidan – “Eng yaxshi tadbirkor”;
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi talaba”;
Turizm va sport vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi sportchi”;
Madaniyat vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi kitobxon”;
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi ish beruvchi”.
Bunda, tanlov natijalari har yili “3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni” arafasida e’lon qilinadi hamda tanlov g‘oliblari tashkilotchilarning byudjetdan tashqari manbalari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Joriy qaror 2022 – yilning 1 – yanvar sanasidan boshlab kuchga kirishi belgilangan.






