Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun inklyuziyani ta'minlash

Bugun, 19-noyabr kuni, "Zamin" fondi va BMTning bolalar fondi — UNICEF hamkorlikda tashkillashtirgan "Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun inklyuziyani ta'minlash" mavzusida Xalqaro veb-forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir har yili 20-noyabr kuni nishonlanadigan Jahon bolalar kuni va UNICEF'ning 75 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazildi.
Forumda milliy institutlar, fuqarolik jamiyatlari, BMT agentliklari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari, xorijiy jamoat fondlari, O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakillari, shuningdek, bolalar va yoshlar ishtirok etishdi.
Xalqaro ekspertlar forumda inklyuziv jamiyat yaratish borasidagi ilg‘or tajriba bilan bo‘lishishdi. Ishtirokchilar, shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalar, ayollar va erkaklarni qo‘llab-quvvatlovchi hamda institutsionalizatsiyaning oldini olishga yordam beradigan foydalanish oson bo‘lgan, inklyuziv, huquqlarga asoslangan va yoshga mos davlat xizmatlarini yaratish va takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.






