Nukus shahrida birinchi marta aralash jang sanʼatlari boʼyicha havaskorlar oʼrtasida Markaziy Osiyo chempionati oʼtkazildi

Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjondan kelgan aralash jang san’ati ustalari ikki kun davomida g‘oliblik uchun kuch sinashib, mazkur sport turining jozibasini namoyon etishdi.

Musobaqada qatnashgan 20 nafar vakilimizdan 7 nafari final bahslarigacha yetib keldi va O‘zbekistonda bu sport turi tobora ommalashib borayotganini qo‘lga kiritgan g‘alabalar bilan isbotladi.

9-10-oktabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti Nukus shahrida birinchi marta aralash jang san’atlari bo‘yicha havaskorlar o‘rtasida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo chempionatining yakuniy natijalariga ko‘ra 5 ta ishtirokchi davlatdan mamlakatimiz umumjamoa hisobida birinchi pog‘onadan joy oldi.

Markaziy Osiyo aralash jang san’atlari Konfederatsiyasi (CAMMAC), O‘zbekiston aralash jang san’ati assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etilgan va mamlakatimiz sport olamida oktabr oyining eng nufuzli musobaqasi deya e’tirof etilgan ushbu chempionat 10 ta vazn toifasida o‘tkazildi.

Yurtdoshlarimizdan -56.7 kg vaznlilar o‘rtasida Jamshidbek Tillaboyev, -65.8 kg vaznda Shukurjon Rustamov, -77.1 kg.da Munis Mo‘minjonov, -83.9 kg vaznda Zokirjon Mamarasulov, 93 kg.da Husanboy Rahimov, -120.2 kg vazn toifasida Hasanboy Rahimov hamda +120.2 kg vaznlilar o‘rtasida Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi vakili Ixtiyor Xolmurodov raqiblarini mag‘lub etib, ilk bora o‘tkazilgan havaskor MMA yo‘nalishidagi musobaqada Markaziy Osiyo chempioniga aylanishdi.