Nukus tumanida baliqchilik klasteri tashkil etilib, startap loyihalar moliyalashtirildi

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov Nukus innovatsion tumanida tashkil etilayotgan baliqchilik klasterida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2022-yilda Nukus innovatsion tumanida baliqchilik klasterini tashkil etish maqsadida 2 ta startap loyiha – “Bostanova Nesibeli” MChJning «Orolboʼyida baliqchilikni rivojlantirish, shuningdek yoʼqolib ketish xavfi ostida turgan baliq turlarini tiklash» va “AMU ARAL SAZANI” MChJ ning «Innovatsion retsirkulyatsion intensiv usulda baliq yetishtirish» startap loyihalari moliyalashtirildi.
“Bostanova Nesibeli” MChJ tomonidan baliq chavoqlarni yetishtirish uchun inkubator sexi binosi barpo etilib, inkubator sexi uchun zarur uskunalar xarid qilingan. Uskunalarning ishga tushirilishi natijasida yiliga 10 tonna baliq chavoqlari yetishtiriladi va yetishtirilgan chavoqlar baliqchilik xoʼjaliklariga shartnoma asosida yetkazib beriladi.
“AMU ARAL SAZANI” MChJ tomonidan 3 gektar sunʼiy koʼl maydonida innovatsion retsirkulyatsion usulda tovar baliq yetishtiriladi. Bugungi kunda korxona tomonidan Xitoydan 3,5 mlrd.soʼmga innovatsion uskunalari olib kelingan va Xitoy texnologiyasi asosida 10 ta sunʼiy havza oʼrnatilgan. Ushbu 10 ta sunʼiy havzalar orqali 3 gektar sunʼiy koʼlda baliq yetishtirish rejimi boshqarilib boriladi.
Korxona tomonidan 3 gektar yer maydona innovatsion usulda yiliga 100 tonna tovar baliq yetishtirish orqali 4,0 mlrd.soʼm daromad olish rejalashtirgan. Keyingi yillarda korxona daromadi hisobidan baliqchilik ozuqalari ishlab chiqarish liniyalarni oʼrnatish koʼzda tutilgan.Ushbu loyihalarning ishga tushirilishi natijasida Nukus tumanida 30 ta yangi ish oʼrinlari yaratiladi.






