Nur-Sultonda vazirlar uchrashuvi: Vladimir Norov Shavkat Mirziyoyevning tashabbusini qoʻllashga chorladi

Bugun, 8-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Qozog’iston poytaxti Nur-Sulton shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” shaklidagi uchinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, uchrashuvda V.Norov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining uzluksiz yuk tashishni taʼminlash, transmintaqaviy logistika tarmoqlarini rivojlantirish hamda transport infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan Transport aloqalarini rivojlantirish boʻyicha Markaziy Osiyo va Xitoy davlatlarining muvofiqlashtiruvchi kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chorladi.

Ma’lum qilinishicha, tadbir yakunlari boʻyicha Qoʻshma bayonot, 2022-2025-yillarda Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”, Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish tashabbusi, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlashda oʻzaro hamkorlik boʻyicha tashabbus qabul qilingan.

Shuningdek, tomonlar Afg‘onistonni tinch yo‘l bilan tiklashga ko‘maklashish, bunda, jumladan, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilish masalalari yuzasidan fikr almashdi. Afg‘onistonda fuqarolar tinchligi va totuvligiga erishishga ko‘maklashish, gumanitar inqirozni imkon qadar tezroq yengib o‘tish va ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash, uni jahon iqtisodiy munosabatlariga jalb etishdan barcha tomonlar birday manfaatdor ekanligi bildirilgan.

Havo aloqalarini qayta yo’lga qo’yish, fuqarolar qatnovi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, yoʻlovchi tashuvchi reyslarni bosqichma-bosqich tiklash, yuklar va sayyohlar oqimini koʻpaytirish, “tezkor” va “yashil” yoʻlaklarni hamda multimodal tovarlar tashuvini tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.