Nyu-Yorkda maymunchechak tufayli favqulodda holat e’lon qilindi

AQSHning Nyu-York shtati gubernatori Keti Xochul maymunchechak avj olishi tufayli favqulodda holat rejimini e’lon qildi. Amerika kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHda maymunchechak bilan kasallanishga oid jami 5189 ta holat aniqlangan bo‘lib, shularning 1345 tasi Nyu-Yorkda qayd etilgan.

“Nyu-York shtatida maymunchechak avj olishi haqidagi so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib chiqqach, unga qarshi kurash bo‘yicha faol sa’y-harakatlarimizni kuchaytirish uchun tabiiy ofat munosabati bilan favqulodda holat e’lon qilaman”, — dedi Xochul.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHda maymunchechak bilan bog‘liq holatlarning har to‘rtinchisi Nyu-Yorkga to‘g‘ri kelmoqda. Gubernator qayd etishicha, mahalliy hukumat vaksina yetkazib berishni oshirish va testdan o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirish ustida ishlamoqda.

Farmon maymunchechakka qarshi vaksina olish huquqiga ega shaxslar doirasini, shu jumladan, tez yordam xodimlari, farmatsevtlar va akusherlar doirasini kengaytirishni ko‘zda tutadi.