O‘zbekistonda imtiyozli kreditlar evaziga 983 mingdan ortiq oila tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi

Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2021-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi dastlabki hisobot ko‘rib chiqildi.
Parlament yuqori palatasi maʼlumotlariga koʻra, 2021-yilda Markaziy bank makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash hamda bank tizimidagi risklarning oldini olish va yumshatish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratdi.
Yil yakuni bo‘yicha prognoz qilingan inflyatsiya darajasini 10 foizga yetkazish uchun Markaziy bankning hisobot yilidagi asosiy stavkasi o‘zgarishsiz yillik 14 foiz darajasida saqlanib qoldi.
Pul-kredit choralari inflyatsiya darajasining 2020-yildagi 11,1 foizdan 2021-yildagi 10 foizgacha pasayishiga olib keldi.
Aholi va tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 166,7 trillion so‘m miqdorida kreditlar ajratildi, bu 2020-yilga nisbatan 1,3 barobar ko‘pdir.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida keyingi 4 yilda 24,3 trillion so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlar ajratilib, buning natijasida 983 mingdan ortiq oila tadbirkorlik bilan shug‘ullandi. Respublikada o‘rtacha har ming xonadondan 110 tasi mazkur dasturlar doirasida tadbirkorlik faoliyatini boshlagan.
Banklar va hukumat tomonidan kredit portfeli tarkibida muammoli kreditlarning banklarning moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sirining oldini olish choralari ko‘rildi. Biroq muammoli kreditlar ulushi 2021-yil oxiriga kelib 5,2 foizgacha oshdi.
Muhokama yakunida aholi va tadbirkorlar tomonidan imtiyozli kredit olish yoki kredit ajratishda duch kelinayotgan muammolar yuzasidan tavsiyalar berildi. Bu masala 2021-yilda jismoniy va yuridik shaxslarning aksariyat murojaatlarida ko‘rib chiqildi.






