OAV vakillari uchun elektrotexnika sanoati korxonalariga press-tur tashkil etildi

Bugun, 7-oktabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “Oʼzeltexsanoat” uyushmasi hamkorligida ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar uchun elektrotexnika sanoati korxonalariga Press-tur tashkil etildi.
Press-tur doirasidagi dastlabki manzil “Oʼzeltexsanoat” uyushmasiga aʼzo Shishatola ishlab chiqaruvchi “Falk Porsche Fiberglass” korxonasi bo’ldi. Mazkur korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan shishatola va undan tayyorlangan mahsulotlar qurilish, elektrotexnika sanoati, avtomobilsozlik, kemasozlik va boshqa sohalarda keng foydalaniladi.
Loyihaning qiymati 13,6 mln.dollarni tashkil etib, yillik ishlab chiqarish quvvati 13 ming tonna shishatolani tashkil etadi.
Keyingi manzil esa past va yuqori kuchlanish qurilmalari hamda boshqa zarur elektrotexnika jihozlarini ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biri – “Oʼzelektroapparat-Elektroshit” korxonasi boʼldi. Respublikada past va yuqori kuchlanishli transformatorlar ishlab chiqarishda yetakchi hisoblangan mazkur korxonada bugun yangi turdagi elektrotexnika mahsulotlari oʼzlashtirilmoqda, xususan elektr hisoblagichdan tortib, elektron platalargacha boʼlgan yangi loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Korxona 80 yillik tarixga ega boʼlib, oʼz ichiga 3 ta yirik kompaniyalarni birlashtiradi. Yaʼni “Toshelektroapparat”, “Chirchiq transformator zavodi” va “Nukuselektroapparat” korxonalari majmuidan iborat. Ushbu kompaniya guruhlari tomonidan yiliga 5000 ta podstantsiya, 1 milliondan ortiq elektr hisoblagichlar, 450 turdan ziyod elektrotexnika mahsulotlari, 500 kVgacha kuchlanish qurilmalari ishlab chiqariladi.






