«Ochiq muloqot»dan buyon bajarilgan ishlar va kelgusi vazifalar muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida barpo etilgan yangi xirurgiya majmuasini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda kardiojarrohlik, transplantologiya, neyro-qon tomir jarrohligi va reanimatsiya bo‘limlari faoliyat yuritadi. Ularda yiliga 3 ming nafargacha bemorga yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Shu yerda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, joriy yil 18-mart kuni davlatimiz rahbari tibbiyot xodimlari bilan “ochiq muloqot” o‘tkazgan edi. Bugungi yig‘ilish o‘sha muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Prezidentimiz so‘zining avvalida sohada qilingan ishlar va ularning mohiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, joriy yilda yangi 106 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinika, mingta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilgan. Bu orqali 3,5 million aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirilgan.
Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida, aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyoj balansi ishlab chiqildi. “Tibbiyot brigadalari”ga qo‘shimcha 3 ming 600 ta pediatriya hamshirasi va doya shtatlari ajratildi.
Oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladigan dorilar 45 turdan 70 turga yetkazildi. Bunga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi esa o‘tgan yilga nisbatan 3 baravar oshirildi.
Shuningdek, 820 ta birlamchi tibbiyot muassasasiga tashxis uskunalari yetkazib berildi.
Oilaviy poliklinikalarda 19 mingdan ziyod kunduzgi shifo o‘rinlari tashkil etildi. Buning natijasida 740 ming aholiga shifoxonaga bormasdan, mahallaning o‘zida davolanish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, 10 milliondan ziyod 40 yoshdan oshgan aholining 70 foizi kardiologik va qandli diabet kasalligini erta bosqichda aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvidan o‘tkazildi.
Yuqori texnologik operatsiyaga muhtoj 16 ming bemordan 3 ming 200 nafari viloyat va tumanlarning o‘zida davolandi.
Mamlakatimizda ilk bor order tizimi orqali 29 ta xususiy shifoxona bilan shartnoma imzolandi.
Tibbiyot xodimlari oyligi 30 foizgacha oshirildi. Shuningdek, shifokorlarga ish samaradorligi va natijasiga qarab tabaqalashtirilgan rag‘batlantirish va ustama to‘lovlari joriy etildi.






