Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzurida “Olima ayollar jamiyati” tashkil etiladi

Prezident Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzurida "Olima ayollar jamiyati" tuzilishi va unga har yili 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi.

Ayni vaqtda xalqaro kongress markazida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.

Shuningdek, davlat rahbari kelgusi o‘quv yilidan boshlab xotin-qizlar ta’limiga alohida e’tibor qaratilishini ma’lum qildi.

Jumladan, magistraturada o‘qiyotgan barcha qizlarning kontrakt pullarini to‘liq budjetdan qoplab berish uchun har yili 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun, har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzurida "Olima ayollar jamiyati" tuziladi va unga har yili 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Joriy va kelgusi yilda shu kabi maqsadlarga 1,8 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

"Iloji boricha, ayollarimizning dardini, tashvishlarini sevinch yoshiga, g‘alaba yoshiga, muvaffaqiyat yoshiga, natija yoshiga aylantirishga hammamiz birgalikda harakat qilamiz. Bitta qiz farzandni o‘qitsangiz — butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz deb ota-bobolarimiz bejiz aytishmagan", dedi Shavkat Mirziyoyev.