Oktabr oyida Xitoyga Rossiyadan oltin importi rekord darajaga yetdi

Xitoy bojxona boshqarmasi ma'lumotlariga ko'ra, bir oyda mamlakat qiymati 124,6 million dollar bo’lgan 2 tonnadan ortiq oltin sotib olgan. Tashkilotning oylik statistik ma'lumotlariga ko'ra, Rossiyadan bu safargi oltin importi 2016-yildan buyon eng yirik ko'rsatgichga yetgan.

Shu bilan birga, Shveysariya, Kanada, Janubiy Afrika Respublikasi va boshqa davlatlar hanuzgacha Xitoyga qimmatbaho metalning asosiy yetkazib beruvchilari bo'lib qolmoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2022-yilning yanvar-oktabr oylarida Rossiyadan Xitoyga qayta ishlanmagan yoki yarim qayta ishlangan shakldagi oltin importi 5,72 tonnani tashkil etgan. Bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 1,9 barobar ko'p. Importning pul ko'rinishidagi hajmi esa 1,8 barobarga oshib, 330 million dollarni tashkil qilgan.