Rasul Kusherbayev davlat byudjetiga o‘zgartirish kiritilishiga qarshiligini ma’lum qildi

Rasul Kusherbayevning ma’lum qilishicha, deputatlar qo‘liga shoshilinch berilgan Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonun loyihasiga ko‘ra, 2022 yil budjetidan:

  • davlat-xususiy sherikchiligi asosida faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonining ortib borayotgani hisobiga ushbu yo‘nalishga qo‘shimcha subsidiyalar ajratish uchun Maktabgacha ta’lim vazirligi 407,1 mlrd so‘mga;
  • issiqlik ta’minoti bo‘yicha aholiga past darajali tariflar qo‘llanishi natijasida yuzaga kelgan zararlarni qoplash maqsadida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi 404,7 mlrd so‘mga;
  • eksport qilinadigan mamlakatlarda mahalliy avtomobil sanoati korxonalari tomonidan to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imi harajatlariga davlat budjetidan mablag‘ ajratish uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi 224,5 mlrd so‘mga;
  • hududlarda zudlik bilan yechilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida keyinchalik mahalliy budjetlarga qayta taqsimlash (o‘tkazib berish) maqsadida Moliya vazirligiga 1 000,0 mlrd so‘mga oshirish ko‘zda tutilgan.


«Eng qizig‘i utilizatsiya yig‘imi kimlarga va qanday maqsadlarda ishlatilayotgani, monopolist "UzavtoMotors" utilizatsiya yig‘imini to‘layaptimi yo‘qmi, bu yashirilayotgan bir vaqtda davlat budjetidan utilizatsiya yig‘imi harajatlariga 224,5 mlrd so‘m ajratish so‘ralishi mantiqsizlik. Katta ehtimol bilan xalqning g‘aznasidagi bu pullar monopolist kompaniyaning hisobiga o‘tkaziladi.» , - deb izoh berdi Kusherbayev.

Shuningdek u, ko‘plab savollarga javoblar maxfiy qolayotgan bir vaqtda bu loyihaning qabul qilinishiga to‘liq qarshi ekanligini ma'um qildi.