Olimlar ilk bor buyrak hujayralarini tiklash yo'lini topdi

NHCS - Singapur milliy yurak markazi Dyuk tibbiyot maktabi olimlari va nemis mutaxassislari dunyoda ilk marta buyrak hujayralarini tiklash mumkinligini ko‘rsatdi. Olimlarning fikricha, ularning kashfiyoti surunkali buyrak kasalliklarini davolashning mavjud usullarini qayta ko‘rib chiqishga undaydi.

Dastlabki tadqiqot natijalari “Nature Communications” jurnalida e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, mualliflar tadqiqotida jigar, o‘pka va yurakda, shuningdek, o‘tkir va surunkali buyrak kasalliklarida chandiqlarni keltirib chiqaradigan interleykin-11 (IL-11) oqsiliga e’tibor qaratganlar. Olimlar bu oqsil buyraklar shikastlanganda molekulyar jarayonlar zanjirini qo‘zg‘atib, yallig‘lanish, fibroz va organlar faoliyatining buzilishiga olib kelishini aniqlagan.

Biroq, bu jarayon IL-11 oqsiliga antitana kiritish orqali bloklanganda, buyrak kanalchalari hujayralarining ko‘payishi (proliferasiya) va tiklanishi, shuningdek, yallig‘lanishning barham topishi yuz beradi, natijada, buyraklar yana sog‘lom holatga qaytadi.