Olimpiya o‘yinlari qayta dunyoga kelganiga 126 yil bo‘ldi

Bugun tarixiy sana. Bundan 126 yil avval, 1896-yil 6-aprel kuni zamonaviy Gretsiya poytaxti Afina shahrida birinchi Olimpiya o‘yinlari boshlangan edi.
Aynan mana shu tarixiy voqea sabab ushbu sana Taraqqiyot va tinchlik yo‘lida Xalqaro sport kuni deya e’tirof etilgan. Zamonaviy Olimpiya o‘yinlari asoschisi baron Per de Kubertenning sportga bergan ta’riflari orasida ham “O sport, sen tinchliksan” degan jumlasi hali hamon o‘z tasdig‘ini topib kelmoqda.
Darhaqiqat, sport butun dunyoga tinchlik nafasini beruvchi kuchdir. Hatto Yunonistonda qadimgi Olimpiya o‘yinlari vaqtida urushlar to‘xtatilgani haqidagi ma’lumotlarni ham uchratganmiz.
2013-yilning 23-avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasida bir ovozdan 6-aprel sanasini Taraqqiyot va tinchlik yo‘lida Xalqaro Sport kuni (International Day of Sport for Development and Peace) sifatida nishonlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan.






