Olisda joylashgan mahallalarda 1002 ta tibbiyot punktlari tashkil etiladi

“Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra:

hududlarda 2023-yil 1-yanvardan joylardagi oilaviy poliklinika filiallari negizida oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi;
oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 gacha uzaytiriladi hamda ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun 2022-yil 1-iyundan qo‘shimcha ustama haqi belgilanadi;
2022-yil 1-maydan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan olis masofada joylashgan mahallalarda mahalla tibbiyot punktlari tashkil etiladi (2022-yilda jami 1002 ta);
aholining profilaktik tibbiy ko‘riklari, skrining dasturlar va patronaj xizmati faqat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq va belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi, boshqa tashkilotlarning ushbu jarayonga aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
2022-yil 1-iyuldan:

olis va chekka hududlardagi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga qo‘shimcha 2 million so‘m miqdorida har oylik ustama belgilanadi hamda ularga ipoteka asosida uy-joy sotib olishda uy-joy qiymatining 50 foizigacha qismi, biroq BHMning 500 barobaridan (135 mln so‘mdan) oshmagan miqdorda qoplab beriladi;
olis va chekka hududlarda uzluksiz 3 yil ishlagan shifokorlar klinik ordinaturaga test sinovlarisiz qabul qilinadi.
2022-yil 1-sentyabrdan shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishga ruxsat beriladi.