Oltin qalam XVI Milliy mukofoti taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi

Joriy yilning 4 - may kuni "Turkiston" sanʼat saroyida jurnalistika sohasida “Oltin qalam” XVI milliy mukofotining tantanali taqdirlash marosimi boʼlib oʼtdi. Tanlovga 435 ta jurnalist o‘zining 5 000 ga yaqin jurnalistik materiallari bilan ishtirok etdi va eng yaxshi materiallar uchun "Oltin qalam"lar oʼz egalariga topshirildi.
Marosimda Televidenie yo'nalishi bo'yicha 1-o'rinni Madaniyat va ma'rifat telekanali katta muharriri Yulduz Fayziy oldi;
Radio yo'nalishi bo'yicha 1-o'rinni Navoiy viloyati radiokanali katta muharriri Farog‘at Barnoyeva oldi;
Internet-jurnalistika yo'nalishi bo'yicha 1-o'rinni O'zbekiston Milliy Axborot agentligi (UzA) sharhlovchisi Norgul Abduraimova qo'lga kiritdi;
Bosma nashrlar yo'nalishi bo'yicha 1-o'rinni “Xalq so'zi” gazetasi bosh muharriri O'tkir Rahmatov qo'lga kiritdi;
“Mahalla, oila va gender tenglik mavzusi uchun eng yaxshi yoritilgan material” nominatsiyasi g'olibasi deb “Darakchi.uz” internet sayti muharriri Farida Egamberdiyeva topildi;
“Eng yaxshi fotoreportaj” nominatsiyasida “Daryo.uz” internet sayti fotografi Madina Nurman g'olib deb topildi;
“Inson qadrini ulug'lashga bag'ishlangan eng yaxshi material” nominatsiyasida “Nuroniy” gazetasi bosh muharriri Shuhrat Dehqonov g'olib bo'ldi;
“OAV bilan eng faol hamkor axborot xizmati” nominatsiyasi g'olibligini esa Energetika vazirligi matbuot kotibi Elmira Bekmurodova qo'lga kiritdi;
“O'zbekiston tarixi yoritilgan eng yaxshi material uchun” “Adolat” gazetasi muharriri Kamol Matyoqubov taqdirlandi.
Chet ellik jurnalistning O'zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun 1-o'rinni Turkiya teleradiokompaniyasining (TRT) O'zbekistondagi vakolatxonasi jamoasi a'zosi Nizam Shaxin qo'lga kiritdi.






