Ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar reklamasi taqiqlandi

Shu yil 9-sentabrdan kuchga kiradigan “Reklama to‘g‘risida”gi yangi Qonunning 35-moddasida ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalarining reklamasi bo‘yicha tartiblar belgilandi.

Qonunga ko‘ra, bu mahsulotlarning reklamasida:

“Ular dori vositalari hisoblanadi” yoki “davolash xossalariga ega” degan taassurot uyg‘otilmasligi;
Qo‘llash natijasida odamlar davolanganiga, ahvoli yaxshilanganiga doir muayyan holatlar misol keltirilmasligi;
Ularni qo‘llagan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorlik izhorini o‘z ichiga olmasligi;
Sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
Biologik faol va oziq-ovqat qo‘shimchalar bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilgani hamda davlat ro‘yxatiga olingani to‘g‘risidagi faktlarni havolalar qilish, shuningdek, ulardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalligi haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;
Voyaga yetmaganlar iste’mol qilishi taqiqlangan biologik faol qo‘shimchalar reklamasida bolalar tasviridan foydalanilmasligi kerak.
Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasida ularning dori vositasi emasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish berilishi shart.

Bunday mahsulotlar reklamasi bo‘yicha rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish ham mumkin emas. Mazkur Qonunning 36-moddasi bilan esa ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar reklamasi ham taqiqlandi.