Onkologiya va onkogematologiya uchun zarur dorilar Oʻzbekistonda ham ishlab chiqarilishi mumkin

Farmatsevtika tarmogʻida umumiy qiymati 725 mln dollarlik 207 ta loyihani amalga oshirish, shundan 68 tasini bu yil ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu haqda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-aprel kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda maʼlum qildi.
Yigʻilishda davlat rahbari tadbirkorlarga kredit yukini yengillashtirish zarurligini ta’kidladi. Shuning uchun Asaka bank loyihalarning 25 foizgacha qismiga o‘z ulushi bilan kirib, investor sifatida ishtirok etishi belgilandi. Mahalliylashtirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish va aylanma mablag‘ bilan ta’minlashga 300 million dollar uzoq muddatli kredit resurslari jalb qilinadi. Bank huzurida farmatsevtika loyihalari markazi ochilib, tadbirkorlarga yordam ko‘rsatadi.
Kam quvvatda ishlayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash hisobiga, 400 turdagi yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish va 670 million dollarlik import o‘rnini qoplash mumkinligi aytildi. Buning uchun korxonalarga 18 oygacha muddatda 1 mln dollargacha “revolver” kredit, eksportchilarga tushum sug‘urtasini garovga olgan holda 2 million dollargacha kredit beriladi.
Onkologiya va onkogematologiya uchun zarur bo‘lgan dori vositalari va moddalarni xorij texnologiyasi asosida yurtimizda ishlab chiqarish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi. Sohadagi ko‘plab korxonalarni GMP sertifikati talablariga moslashtirish vazifasi qo‘yildi.
Toshkent farmatsevtika klasteridagi loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.






