O‘qituvchilarni Open budget uchun ovoz yig‘ishga majburlashlar kuzatilgan. Hilola Umarova bunga chek qo'yilishini aytdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Angor tumanida o‘qituvchilarga «Tashabbusli budjet» uchun ovoz yig‘ishga majburiy topshiriq berilgani haqida video tarqaldi. Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri Hilola Umarova bu bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Vazirning ta'kidlashicha, ayni vaqtda «Vazirga murojaat» portaliga o‘qituvchilardan ushbu mazmundagi murojaatlar kelib tushmagan.

«Agar sizning ta’lim maskaningizda o‘qituvchilarni ushbu loyiha doirasida majburiy ovoz yig‘ishga jalb etish holatlari kuzatilsa, vazirlikning Ishonch telefoni 71−202−09−09 ga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz. Sizning murojaatingiz asosida ushbu yo‘nalishda qonun buzilish holati aniqlansa, tegishli mas’ul xodimlarga zarur ta’sir choralari ko‘riladi.

«Tashabbusli budjet» loyihasi faqat tashabbusga asoslanadi, bunda hech kimni majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi!», — deya qayd etdi Hilola Umarova.

Shuningdek, Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, bu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganish ishlari boshlangan.