Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantiramiz

22 noyabr kuni Toshkent shahrida “Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantiramiz” mavzusidagi xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi. Tadbirda BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German, BMTning Taraqqiyot Dasturi Administrator yordamchisi, Yevropa va MDH mintaqaviy byurosi direktori Miryana Spolyarich Egger, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Boriy Alixanov, Megapolislarni rivojlantirish Buyuk Parij alyansi prezidenti Nikolya Bushu, YUNЕSKO Bosh direktorining ilm-fan bo‘yicha yordamchisi Shamila Nair-Beduel xonim, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov qatnashdilar va tabrik so‘zlari bilan chiqdilar.

Orol dengizi inqirozi oqibatlari Orolbo‘yi mintaqasida yashayotgan millionlab odamlarning hayot faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Ma’lumki, keyingi 55 yilda Orol dengizining qurigan tubida 5,2 million gektar maydonda Orolqum deb nomlangan yangi cho‘l paydo bo‘ldi.

Orolbo‘yida ICBA xalqaro markazidan keltirilgan 18 ta o‘simliklarni va mahalliy yovvoyi o‘simliklar florasi vakillarini madaniylashtirish bo‘yicha sinovdan o‘tkazish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Orol dengizining qurigan tubidan 10 xildan ortiq tuproq tiplari asosida ilmiy lizimetrik tadqiqot maydonchasi barpo etildi. “Oroldagi mening bog‘im” (My garden in the Aral Sea) agro-ekoturizm loyihasi ishlab chiqildi va xozirgi kunda ko‘rgazma uchastkalarida 5126 dan ortiq dekorativ xamda cho‘lga chidamli daraxtlar ekilgan.

Xalqaro konferensiya yakunlari bo‘yicha Orolbo‘yi mintaqasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga hamda innovatsion rivojlanishning zaruriy infratuzilmasini shakllantirish maqsadida ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinov ishlariga katta ahamiyat qaratilib, BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish tashabbusi dunyo hamjamiyatiga taqdim etiladi.