Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlik

Joriy yilning 27-yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) vitse-prezidenti K.Limitovskiy bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida hamkorlikning bugungi holati, Oʼzbekistonda OIIB loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, sheriklikni yanada chuqurlashtirishning istiqbolli yoʼnalishlari muhokama qilindi.
Muzokaralar kun tartibi doirasida sanoat va hududlarni rivojlantirish hamda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish darajasini oshirishga qaratilgan loyihalarni bajarish uchun kredit liniyalari ajratish, shuningdek, Oʼzbekistonda loyihalarni amalga oshirayotgan xususiy kompaniyalarni moliyalashtirish maqsadida Bank resurslarini jalb qilish masalalari oʼrganildi.
Shuningdek, Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi va OIIB oʼrtasida qoʼshma investitsiya loyihalari va dasturlarining samarali amalga oshirilishini taʼminlash boʼyicha hamkorlikni yoʼlga qoʼyish imkoniyatlari koʼrib chiqildi.
Oʼzbekistonda 2024-yilda OIIB Boshqaruvchilar Kengashining Yillik yigʼilishini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi va ushbu tashabbusni roʼyobga chiqarish boʼyicha navbatdagi tadbirlar belgilalandi.






