Osiyo taraqqiyot banki O'zbekiston bilan kengaytirilgan hamkorlikni rejalashtirmoqda

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari-investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vitse-prezidenti Ashok Lavas bilan uchrashuv o'tkazdi.

Uchrashuvda O'zbekiston va OTB o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

OTB rahbariyati tomonidan O'zbekistonda ayni paytda turli sohalarda xususiy sektorning ishtirokini kengaytirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Jumladan, energetika, sog'liqni saqlash, maktabgacha ta'lim, shuningdek, qattiq chiqindilarni qayta ishlash sohalarida davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko'rib chiqildi.

DXK mexanizmlari asosida past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ulardan foydalanish bo'yicha tashabbusni birgalikda ilgari surish to'g'risida kelishib olindi.