OTB O‘zbekistonning to‘rtta shahrini rivojlantirishga $59 mln ajratadi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonning Jizzax, Xovos, Xiva va Yangiyer shaharlarida turmush sharoitini yaxshilash va iqtisodiy raqobatbardoshlikni oshirish uchun 59 million AQSh dollar miqdorida qarz va 500 ming AQSh dollar miqdorida grant ajratilishini ma’qulladi.

Mablag’lar Xovosda ko‘p funksiyali jamoatchilik markazini o‘z ichiga olgan va umumiy yashil yo‘lakchaga ega bo‘lgan yangi jamoat bog‘i, xamda Xivada Ipak yo‘li mavzuida O‘zbekistondagi birinchi raqamli muzey joylashgan ikki qavatli tashrif buyuruvchilar markazini barpo etishga yo’naltiriladi.

Shuningdek, loyiha Jizzaxda ekologik xavfsiz suvni tejovchi texnologiyalar qo‘llanilgan suv tarmoqlarini rivojlantirish va barcha to‘rtta shaharda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari OTB raqamli muzey tashkil etish uchun 500 ming AQSH dollari miqdorida grant ajratadi.