Ozarbayjon Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi kutilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev joriy yil 21-22-iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Sammit kun tartibidan O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

Ikki mamlakat yetakchilari o‘zaro savdo hajmini oshirish, tadbirkorlar va hududlar darajasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish, transport-tranzit sohasidagi imkoniyatlardan samarali foydalanish, faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratadilar.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy vaziyat yuzasidan fikr almashadilar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida faol muloqotni rivojlantirish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qiladilar.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida sanoat, transport, qishloq xo‘jaligi, energetika, ilm-fan va innovatsiyalar, turizm va boshqa yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlash joizki, tashrif arafasida Toshkent shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjonning yetakchi kompaniya va korxonalari ishtirokida ishbilarmonlik tadbirlari o‘tmoqda.