O’zbek delegatsiyasi “COP27”da Mintaqaviy iqlim kengashini tashkil etish taklifini bildirdi

Shu kunlarda Misr Аrab Respublikasining Sharm al-Shayx shahrida BMTning iqlim oʼzgarishi boʼyicha doiraviy konventsiyasi (COP27) tomonlarining 27-konferensiyasi boʼlib oʼtmoqda. Tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.
Tadbirda iqlim boʼyicha yechimlarni amalga oshirish yoʼlidagi toʼsiqlar muhokama mavzusi boʼldi. Parlament yuqori palatasi Raisi oʼz nutqida birgalikdagi saʼy-harakatlar bilangina oqibatlari Markaziy Osiyoda ham yaqqol kuzatilayotgan iqlim oʼzgarishi muammosiga qarshi turish mumkinligini taʼkidladi.
“Oʼzbekistonning asosiy maqsadi – amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarga “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish orqali iqtisodiy taraqqiyotga erishishdir. Bu yoʼnalishda iqtisodiyotning barcha sektorlarida ugleroddan kamroq foydalanishga oʼtish va resurslarni tejash, samarali va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish ustuvor yoʼnalish hisoblanadi”, – dedi Tanzila Narbayeva.
Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva oʼz nutqida mamlakatimiz xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlik qilishga tayyor ekanligini hamda Mintaqaviy iqlim kengashini tashkil etishni taklif qilayotganini taʼkidladi. Bu iqlimga moslashish boʼyicha loyihalarni targʼib qilishda, choʼllanish va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashishda, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etishda hamkorlik samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Keyingi yilda Oʼzbekistonda choʼllanishga qarshi kurashish va yovvoyi hayvonlarning koʼchib yuruvchi turlarini saqlash boʼyicha BMTning ikkita yirik tadbirini oʼtkazish rejalashtirilmoqda. Barcha xalqaro hamkorlarni ushbu forumlar ishida faol ishtirok etish taklifi bildirildi.
P.S. Ushbu konferensiya 1995-yildan buyonn har yili oʼtkazib kelinadi. Joriy yilda iqlim oʼzgarishi oqibatlarini yumshatish va ularga moslashish boʼyicha loyihalarni moliyalashtirishni amalga oshirish masalalari koʼrib chiqilmoqda.






