O'zbek milliy sanoat holdingi

Joriy yilning 29-yanvar kuni Fargʼona shahrida “Milliy sanoat holdingi” (MSH) MChJning Fargʼona viloyatidagi birinchi filialining ochilish marosimi boʼlib oʼtdi. Tadbir Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Fargʼona viloyati hokimligi koʼmagida tashkil etildi.

Marosimda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Toʼgʼridan-toʼgʼri investitsiyalar jamgʼarmasi (“UzDIF” АJ) rahbariyati, Fargʼona viloyati hokimi X.Bozorov, Vazirlikning viloyat boʼlinmasi vakillari, Jamgʼarma xodimlari, mahalliy tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Tadbir davomida toʼgʼridan-toʼgʼri investitsiyalar jamgʼarmasi faoliyatining muhim jihatlari, shuningdek, tashkil etilayotgan MSHning maqsad va vazifalari hamda faoliyatining tamoyillarini ochib beruvchi taqdimot oʼtkazildi.

Loyihadan koʼzlangan maqsad tadbirkorlikni ragʼbatlantirish, sanoatni rivojlantirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʼrtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash maqsadida mamlakat hududlarida loyihalarni moliyalashtirishdan iborat. Ushbu tashabbus investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatini ragʼbatlantirishning yangi tizimining tarkibiy qismlaridan biri boʼlib, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan faol joriy etilmoqda.

MSH xalqaro ekspertlar bilan birgalikda sanoat zonalar kontseptsiyasini ishlab chiqishni tashkil qiladi, raqobatga asoslangan tartibga muvofiq tadbirkorlarning loyihalarini joylashtirish uchun zarur boʼlgan tutash infratuzilma, bino va inshootlarni loyihalash va qurishni muvofiqlashtiradi. Mahalliy tadbirkorlarning loyihalariga kiritilayotgan investitsiyalarning katta qismi MSH tomonidan qoplanadi.