O'zbek-Qirg'iz taraqqiyot jamg'armasi faoliyati

Joriy yilning 5-avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev O'zbekiston-Qirg'iziston taraqqiyot jamg'armasi Raisi Aziz Aaliyevni qabul qildi.
Ma'lumot uchun: O'zbekiston-Qirg'iziston taraqqiyot jamg'armasi 2021-yil 14-aprelda o'z ishini boshlagan. Jamg'arma faoliyatining ustuvor vazifasi ahamiyatli tarmoqlarda istiqbolli va yuqori rentabelli qo'shma investitsiya loyihalarini moliyalashtirish orqali ikki davlat o'rtasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdir.
Uchrashuv kun tartibiga Jamg'armaning operatsion faoliyati masalalari, hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar natijalari, shuningdek Jamg'arma mablag'larini yaqin kelajakda investitsiya qilishning eng ustuvor yo'nalishlarining muhokamasi kirdi.
Jamg'arma Kengashiga ko'rib chiqish uchun taklif etilayotgan loyihalar, jumladan, ularning iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati, rentabelligi va amalga oshirish muddatlarini hisobga olgan holda o'rganildi. Xususan, transport infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, chegaraoldi hududlarda savdo-logistika markazlarini tashkil etish bo'yicha loyihalar ko'rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin kelajakda Jamg'arma Kengashining yig'ilishini o'tkazishga kelishib oldilar. Unda tashkilotning operatsion va investitsiya faoliyati bilan bog'liq bir qator hujjatlarni ko'rib chiqish va tasdiqlash rejalashtirilgan.






