O'zbek-Qozoq chegarasini xalqaro-huquqiy rasmiylashtirish ko'rib chiqildi

21-dekabr kuni O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Bahromjon A'loyevning Qozog'iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Yermuxambet Konuspayev bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Uchrashuv avvalida O'zbekiston va Qozog'iston munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qilindi. Shuningdek, Qozog'iston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga boshlangan davlat tashrifining tashkiliy-mazmuniy jihatlariga alohida e'tibor qaratildi. Mazkur tadbir amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish, davlatlarimiz va butun mintaqaning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Muzokaralar davomida O'zbekiston-Qozog'iston davlat chegarasini yakuniy xalqaro-huquqiy rasmiylashtirish masalalari ham ko'rib chiqildi. O'zbekiston-Qozog'iston qo'shma demarkatsiya komissiyasining samarali faoliyati va yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini mustahkamlash va mamlakatlar o'rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish uchun chegara demarkatsiyasini yakunlash muhimligi qayd etildi.